Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining qirq birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Ikki kun davom etgan majlis davomida o‘nta masala ko‘rib chiqildi. Shundan yettitasi qonunlar bo‘lib, ularning barchasi ma’qullandi. Senatorlar, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazildi. Ijtimoiy tarmoqlarda onlayn yoritib ham borildi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda ma’qullangan qonunlar ichida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun yurtdoshlarimizning e’tiborini tortdi. Chunki mazkur qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishidagi qonunchilikda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘shliqlar yopilmoqda. “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun bilan oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari muvofiqligi bo‘yicha sodir etiladigan qonun buzilishi holatlarining oldini olishga qaratilgan me’yorlar kuchaytirilmoqda. Bu fuqarolar hayoti hamda sog‘lig‘ini muhofaza etishga xizmat qiladi. Albatta, boshqa qonunlar ham ijtimoiy hayotimizda muhim o‘rin tutadigan, tadbirkorlik, hududlar rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan me’yorlarni qamrab olmoqda. Xalqimizning sevimli sport o‘yinlaridan biri bo‘lgan futbolni rivojlantirishga zarur huquqiy asos yaratilmoqda.
Markaziy bankning 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitish asnosida Senat raisi T.Norboyeva aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga inflyatsiya darajasining salbiy ta’sirini yumshatish choralarini ko‘rib borish zarurligini qayd etdi. Bu esa xalqimizning dilidagi gaplardan biri. Majlis davomida Oliy sud hamda Sudyalar oliy kengashi tarkibiga bir qator o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.Shu bilan Senat yalpi majlisi yakuniga yetdi.
N.Abduraimova, O‘zA