Toshkent shahridagi dorixonalardan xarid qilingan “Operazon-N, V/V. V/M. 100mg/500mg, seriya ATIC 190104, yaroqlilik muddati DEC 2023g, “Rhydburg Pharmacyeuticals Ltd India” tomonidan ishlab chiqarigan bu dori “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” tomonidan ekspertizadan o‘tkazilganda “muvofiqlik sertifikati” yo‘qligi, davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi aniqlandi. Ya’ni qalbakilashtirilgan dori vositasi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda joriy yil 19 mayda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga xabar kelib tushishi bilanoq, ushbu dori vositasining muomalasiga chek qo‘yish maqsadida, zudlik bilan tegishli tartibda yo‘q qilinishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘isida”gi qonunning 18-,19- va 20-moddalarida qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalari va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini ishlab chiqarish, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalari va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish hamda ulgurji va chakana realizatsiya qilish va ulardan foydalanish taqiqlangan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ushbu huquqbuzarliklar ma’muriy va jinoiy javobgarliklar bilan bir qatorda litsenziya talab va shartlarining qo‘pol buzilish holati deb baholanib, litsenziyaning bekor qilinishiga asos bo‘la oladi. Shunday ekan, bu kabi huquqbuzarliklarni sodir etishdan tiyilish lozim. Zero, inson salomatligi bebaho va hamma narsadan ustundir.
M.Qosimova, O‘zA