Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalarni keng jalb etish va eksportni oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Har bir dollar investitsiyaning samaradorligini oshirish hudud va tarmoqlar rahbarlarining asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
So‘nggi yetti yilda kiritilgan 120 milliard dollar investitsiya hisobiga 6 mingdan ortiq korxona ishga tushdi. Tahlillar ko‘rsatishicha, jalb qilingan har 1 ming dollar investitsiya yiliga o‘rtacha 530 dollar qo‘shilgan qiymat yaratmoqda.
Tog‘-kon sanoatida bu ko‘rsatkich 700 dollarga yetgani sababli sohaga Germaniya, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlardan investorlar kirib kelishni boshladi.
Lekin “O‘zbekneftgaz”, “O‘zmetkombinat” va qurilish materiallari tarmog‘ida investitsiya samaradorligi boshqa tarmoqlarga nisbatan 2 barobar past. Investitsiya hisobiga qo‘shilgan qiymat Sirdaryoda respublika ko‘rsatkichidan 3 barobar, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda 2 barobar kam.
230 ta tadbirkorning bojxona omborlarida uzoq muddatdan buyon saqlanayotgan 120 million dollarlik uskunalar egalariga yetkazildi. Lekin yana 105 ta tadbirkorning 110 million dollarlik uskunalari omborlarda turibdi.
Mutasaddilarga ushbu uskunalarni egalariga yetkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
O‘zA