Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an shanba kuni Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlament)da qasamyod qabul qildi, deb xabar berdi “Anadolu” agentligi.
Parlament raisi vazifasini bajaruvchi Millatchi harakat partiyasi yetakchisi Devlet Bahcheli Erdog‘anga prezidentlik guvohnomasini topshirdi. Shundan keyin davlat rahbari Turkiya Respublikasi asoschisi va birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk maqbarasiga borib, xotira kitobiga minnatdorlik yozuvi qoldirdi.
Erdog‘anning inauguratsiya marosimida 78 davlatdan yuqori martabali amaldorlar ishtirok etdi, deyiladi xabarda.
Oqshom Turkiya yetakchisi Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibini e’lon qildi. Hukumat, deyarli yangilandi. Jumladan, asosiy idoralar rahbarlari ham almashdi.
Tashqi ishlar vaziri etib 2010 yildan beri Milliy razvedka tashkilotini boshqargan Xoqon Fidan tayinlandi. Uning o‘rniga Yashar Guler keldi.
Ichki ishlar vazirligini endi Istanbul voliysi (gubernatori) bo‘lib ishlagan Ali Erlikaya boshqaradi.
17 vazirdan ikki nafari – Faxrettin Koja (sog‘liqni saqlash) va Mehmet Nuri Ersoy (madaniyat va turizm) lavozimini saqlab qoldi.
Abror XON, O‘zA