Qurolli Kuchlar akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ekspertlarining Buyuk Britaniya Qirolligi Mudofaa tadqiqotlari harbiy kolleji bir guruh tinglovchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tinglovchilar orasida Avstraliya, Quvayt, Nepal, Yangi Zelandiya, O‘mon, Pokiston, Yaponiya va boshqa mamlakatlar vakillari ham bor edi.
Ushbu harbiy muassasa milliy mudofaa va xalqaro xavfsizlik sohasida harbiy, diplomatik va boshqa davlat xizmatlari uchun mutaxassis tayyorlaydigan Britaniyadagi qadimgi akademik institutlardan biri hisoblanadi.
Uchrashuv doirasida Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalasi, O‘zbekistonning ayni jarayondagi roli, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish istiqboli muhokama qilindi.
Britaniyalik mehmonlarga O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, Markaziy Osiyoda jadal rivojlanish va barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha nuqtai-nazari bildirildi.
Xususan, SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov 2016 yildan boshlab Markaziy Osiyodagi vaziyat tubdan o‘zgarganini ta’kidladi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida mintaqada o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlashga qaratilgan prinsipial yangi siyosiy muhit yaratildi.
O‘zbekiston tashqi faoliyatining asosiy yo‘nalishi Markaziy Osiyo ekani alohida qayd etildi. Mamlakatimizda faol muloqot, teng huquqlilik, manfaatlarni hisobga olish, o‘zaro murosa tamoyillariga tayaniladi.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari tashkil etilishi mintaqaviy munosabatning yangi darajasinti namoyon etdi. Mintaqaviy hamkorlikning yangi formatlari – parlamentlararo forum, yetakchi ayollar forumi faol ishlay boshladi.
Iqtisodiy hamkorlikning yangi shakllari – investitsion jamg‘armalar, chegara savdo-industrial zonalari, sanoat kooperatsiyasi loyihalari 2016-2022 yillar oralig‘ida qo‘shma korxonalar sonini 5 barobar ko‘paytirish, mintaqalar aro savdoni 4 barobar, ya’ni 5,5 millard dollardan 20 milliard dollarga chiqarish imkonini berdi.
Britaniyalik mehmonlar bilan uchrashuvda SMTI ekspertlari tomonidan O‘zbekiston bugungi kunda jamiyat va davlatni yangilash, shaxs erkinligi va huquqini yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va ta’minlashda davlatning mas’uliyatini oshirish bilan bog‘liq muhim va shu bilan birga oson bo‘lmagan islohotlarni amalga oshirish jarayonida turgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga A.Ne’matov Konstitutsiyaviy islohotning alohida jihatlari, shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi ustuvor yo‘nalishlariga ham batafsil to‘xtaldi.
O‘z nvbatida Britaniya delegatsiyasi boshlig‘i S.Deynton O‘zbekistonga tashrif xalqaro strategik tadqiqotlar sohasida diplom olgandan keyingi ta’lim dasturi doirasida bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinglovchilar guruhi O‘zbekistonga kelishdan oldin Gruziya va Qozog‘istonda yetakchi tahlil markazlari va ekspert doiralari vakillari bilan mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik masalasini muhokama qilgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Buyuk Britaniyaning tahliliy, akademik doiralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni davom ettirishga ikki tomon ham tayyorligi bildirildi.
O‘zA