Xodim ishdan chetlashtirilganda uning ish haqi saqlanib qoladimi?
Ishdan chetlashtirish xodimning mehnat majburiyatlarini, qoida tariqasida, ish haqi saqlanmagan holda bajarishga vaqtincha yo‘l qo‘ymaslikdir. Xo‘sh, xodim qanday hollarda ishdan chetlatilishi mumkin? Bu boradagi savollarimizga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov javob berdi.
– Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish beruvchi quyidagi hollarda xodimni ishdan chetlashtirishi shart. Jumladan, qonunchilikka muvofiq vakolatli davlat organlarining talabiga ko‘ra, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida ishga kelganida yoki ishda bo‘lganida. Mehnatni muhofaza qilish sohasida o‘quvdan hamda bilim va ko‘nikmalari tekshiruvdan o‘tmaganda, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganda hamda xodim tomonidan mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarish uchun tibbiy xulosaga muvofiq qarshi ko‘rsatmalar aniqlanganda.
Shuningdek, tibbiy xulosaga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra to‘rt oygacha muddatga vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga muhtoj bo‘lgan xodimni o‘tkazish rad etilganda yoxud ish beruvchida ish mavjud emasligi munosabati bilan bunday xodimga tegishli ishni taklif etish mumkin bo‘lmaganda, xodim mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka yoki mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq foydalanilishi shart bo‘lgan shaxsiy va (yoki) jamoaviy himoya vositalaridan foydalanmaganda ham xodimni ishdan chetlatish mumkin.
– Agar xodim emlashdan o‘tmasa ham ishdan chetlashtirilishi mumkinmi?
– Ha, mumkin. MKning 151-moddasi uchinchi qismiga asosan xodim karantinli va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda (sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishdan chetlashtirishga haqli.
Yana bir jihatiga e’tibor qaratish kerakki, xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan taqdirda ham, agar muayyan xodimning ishda bo‘lishi xizmat tekshiruvini o‘tkazishga xalaqit beradi deb taxmin qilish uchun asosli sabablar mavjud bo‘lsa, ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirishga haqli.
– Xodim qaysi davr uchun ishdan chetlashtirilishi mumkin?
– MKning 151-moddasiga binoan ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilguniga qadar butun davrga uni ishdan chetlashtiradi.
– Xodim ishdan chetlashtirilgan davrda unga ish haqi hisoblanadimi?
– Yo‘q, hisoblanmaydi. Faqat ayrim mustasno holatlar mavjud. MKning 152-moddasiga muvofiq ishdan chetlashtirish davrida xodimga ish haqi hisoblanmaydi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
O‘z aybisiz mehnatni muhofaza qilish sohasida o‘quvdan hamda bilim va ko‘nikmalari tekshiruvdan o‘tmagan yoki majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan xodim ishdan chetlashtirilgan hollarda yoxud agar xodimga ish beruvchi tomonidan shaxsiy va (yoki) jamoaviy himoya vositalari berilmagan, shuningdek agar xodim ish beruvchi tomonidan unga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi munosabati bilan ishdan chetlashtirilgan bo‘lsa, ishdan chetlashtirilgan davr uchun xodimning o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi.
– Xodimni ishdan chetlashtirishni qanday to‘g‘ri rasmiylashtirish kerak?
– MKning 153-moddasiga ko‘ra xodimni ishdan chetlashtirish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtirilib, buyruq 151-moddaning ikkinchi yoki uchinchi qismida nazarda tutilgan, xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan aniq sabab ko‘rsatilishi kerak.
Ish beruvchining ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyrug‘i ishdan chetlashtirilgan xodimga imzo qo‘ydirib yetkaziladi. Xodimning ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishishni rad etishi bunda hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruqning tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini unga xodim murojaat qilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay xodimning talabiga ko‘ra berishi shart.
Xodimni ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishtirish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ish beruvchi xodimga tegishli buyruq chiqarilgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida buyruqning ko‘chirma nusxasini bildirish xati bilan yuborishi shart.
Ishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyruqda chetlashtirish amalga oshirilayotgan muddat belgilanishi kerak. Xodimni ishdan chetlashtirish davri tugaydigan aniq sanani oldindan aniqlash imkoni bo‘lmagan hollarda, qaysi hodisa boshlanishi bilan xodimni ishdan chetlashtirish muddati tugaydigan bo‘lsa, o‘sha hodisa (xodimning majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va boshqalar) ish beruvchining buyrug‘ida ko‘rsatiladi.
Ishdan chetlashtirilgan xodim chetlashtirish muddati yoki chetlashtirish qaysi holatlar sababli amalga oshirilgan bo‘lsa, o‘sha holatlar tamom bo‘ladigan muddat tugaganidan keyingi birinchi ish kunida ishga kirishishi shart.
– Agar xodim qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilsa, bu qanday huquqiy oqibatlarga olib keladi?
–MKning 154-moddasiga binoan o‘zini qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan deb hisoblovchi xodim o‘zining ishdan chetlashtirilishi ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin. Qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan xodimning unga avvalgi ishini taqdim etish hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni (agar qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirish sababli xodimga ma’naviy yoki jismoniy azoblar yetkazilgan bo‘lsa) kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi talablari qanoatlantirilishi lozim.
– Xodimni ishdan chetlashtirishning qonuniyligini isbotlash vazifasi kimga yuklatiladi?
– Albatta, ish beruvchiga yoki tegishli davlat organining zimmasiga yuklatiladi. Chunki MKning 154-moddasi ikkinchi qismiga binoan mehnat nizolarini ko‘rib chiqish chog‘ida xodimni ishdan chetlashtirishning qonuniyligini isbotlash vazifasi ish beruvchining zimmasiga, xodim vakolatli davlat organlarining talabiga ko‘ra ishdan chetlashtirilgan hollarda esa xodimni ishdan chetlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan tegishli davlat organining zimmasiga yuklatiladi.
– Agar xodim ish beruvchi tomonidan qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan bo‘lsa, zarar qanday qoplanadi?
–MKning 154-moddasi uchinchi qismiga muvofiq agar xodim ish beruvchi tomonidan qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan bo‘lsa, bunday xodimga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyati ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi. Agar xodim vakolatli davlat organlarining talabiga ko‘ra qonunga xilof ravishda ishdan chetlashtirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan xodimga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanadi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinadi, keyinchalik aybdor shaxslardan regress tartibida undiriladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA