Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bilimdon talaba yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Zakovat” intellektual o‘yinini yoshlar orasida rivojlantirish va targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilib, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida intellektual tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu o‘yinda jami 17 ta jamoa ishtirok etdi.

Filialda tahsil olayotgan talaba yoshlarning aql va zehnini yanada o‘tkirlashtirish, bilim va salohiyatini oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini foydali tashkil etish, intellektual salohiyatini yanada yuksaltirib borish maqsadida o‘tkazilgan o‘yinning har bir turida qiziqarli va mantiqiy savollar berildi. Murosasiz kechgan final bahsida zukko va bilimdon talabalar bir-biridan qiziqarli savollarga javob izlab, o‘z topqirligini ishga soldi.

Yakunlovchi 5-turda qayd etilgan natijalarga ko‘ra, Veterinariya meditsinasi yo‘nalishi 2-bosqich talabalarining “Qaraken” jamoasi o‘z zukkoligi va topqirligi bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, g‘olib bo‘ldi. 2-bosqich Veterinariya meditsinasi yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalardan tashkil topgan “Appolon” jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, shu yo‘nalishning 3-bosqich talabalarining “Vostok” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘olib jamoalar a’zolariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA