Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida “Karera kuni” mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda institut rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutasaddilari, bir qator idora va tashkilot vakillari, talaba yoshlar ishtirok etdi.

Yarmarkaga qirqdan ziyod tashkilot va muassasa vakillari o‘zlarining bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan yetmishdan ortiq vakant o‘rni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan inspektor lavozimi, “Amudaryo tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati mexanik, operator, chilangar, laborant kabi bo‘sh ish o‘rinlarini ishtirokchilarga taklif qildi.

Shuningdek, yarmarkada Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Qorako‘l” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Ishga marhamat” monomarkazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani hayvonlar kasalligi diagnostikasi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tashkilotlari vakant o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

Talaba yoshlar ish beruvchilar bilan suhbatlashib, o‘zlari qiziqqan mutahassislik bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘ldi.


Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA