O‘zbek kinosining bugungi holati qanday? Ekrandagi qahramonlar kimlar? Yaratilayotgan kartinalar tomoshabin talabiga javob beradimi? Kinoshunoslarning keskin tanqidi yoki teran tahliligachi?! Aslida kinotanqidchilar saviyali, tosh bosadigan filmni muhokama etishga kirishadilar. Demak, sifatli kartinalar tobora kamayib ketishi oqibatida kinoshunoslik ham barham topmoqdami?
Biz ushbu savollar bilan taniqli san’atshunos jurnalist, o‘zining xolis, haqqoniy fikrlari bilan jamoatchilik e’tiborini qozongan, qalami o‘tkir, so‘zi keskir ijodkor, bir qator mukofotlar sohibasi Gulchehra Umarovaga yuzlandik.
– Bugun o‘zbek kinosida siljish bor, deb bemalol aytish mumkin, – deydi G.Umarova. – Keyingi yillarda suratga olingan “Evrilish”,“ Faridaning ikki ming qo‘shig‘i”, “Kasallik tarixi”, “Ayol qismati”,“ Rangsiz tushlar”, “Ilhaq” filmlari ko‘pchilik tomonidan e’tirof etildi. Ular bugun o‘zbek kinosida yangilik sari, badiiylik sari intilish jarayoni ketayotganini ko‘rsatadi. Mazkur filmlarning mualliflari – faol ijodkorlar. Ayniqsa, «101 reys” va “Evrilish” filmlari juda ko‘p jihatlari bilan bugungi kun jahon kinosida kechayotgan jarayonlarga, zamon talablariga bemalol javob beradi, deyish mumkin.
Lekin tariximiz va yaqin o‘tmishimiz haqida, bugungi kunlar haqida filmlar deyarli yo‘qligi odamni ko‘proq tashvishlantiradi. Shuningdek, turli kasbdagi yurtdoshlarimiz haqida ham haqqoniy filmlar albatta kerak. Masalan, o‘qituvchilar, jurnalistlar, vrachlar, injenerlar va boshqa turli dolzarb kasb sohiblari to‘g‘risidagi mavzular, turli kasb egalarining mashaqqatli va fidokorona mehnati, ularning zahmatli intilishlaridan so‘zlovchi kinofilmlar o‘z ijodkorini hamon kutmoqda.
Bizga ekranda aktyorlar masalasida yangi qiyofalar zarur. To‘g‘ri, iste’dodli aktyorlar ko‘p, faqat ulardan foydalanish kerak. Axir yurtimizda bir emas, qirqta teatr jamoasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda iste’dodli aktyorlar juda ko‘p. Ularning salohiyatidan to‘g‘ri foydalanish, kinolarga taklif etish fursati nahot yetmagan bo‘lsa? Qachongacha chetdan o‘zbek filmlari uchun aktyor taklif etish davom etadi? Yaxshi filmlarni tomoshabinga taqdim etadigan yosh rejissyorlar ko‘payishi lozim. Juda ko‘p yaxshi asarlar bor. Ularni ham ekranlashtirish mumkin. Shu bilan birga tarixiy, xalq yaxshi bilgan shaxslar haqida ham filmlar kerak. Tarixiy filmlarni yaratishda alohida reja asosida, puxta yondashib kartinalar yaratish maqsadga muvofiq, deb bilaman. Faqat qiyofaning o‘zigina muayyan tarixiy shaxsga o‘xshashligiga intilish shart emas. Shaxsning kimligini, ichki dunyosini, botiniy jihatlarini ko‘rsatib bera olish kinochilar uchun muhim bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. O‘smirlar, maktab yoshidagi bolalar haqidagi yaxshi filmlarga ehtiyoj bor. Bolalar, maktab hayoti gavdalantirilgan filmlar umuman yo‘q. Axir bolalik, umuman maktab davri inson umrining eng yodda qolarli, beg‘ubor, yorqin davriku.
Rosti biz tomoshabinni oldi-qochdi filmlarga o‘rgatib qo‘ydik. Filmlarda o‘ta sayoz, o‘zlashtirilgan syujetlar juda ko‘p. Masalan, badavlat qizga kambag‘al yigit oshiq bo‘lib qoladi. Yoki aksincha boyvachcha yigit oddiy qizni sevib qoladi. Filmlarda kurakda turmaydigan munosabatlar, “yurdi-yurdi”lar, maishiy mayda yoki personajlarning axloqsizligi bosh mavzuga olib chiqilgani tomoshabinga nima beradi o‘zi? Bu nima, ma’naviy buzuqlikka da’vatmi? Filmlar, seriallardagi voqealar nuqul dang‘illama, hashamatli uy-joylarda kechadi. Bu esa tomoshabinning g‘ashiga tegmay qolmaydi, albatta. Axir millionlab odamlar oddiy uylarda istiqomat etadilar va nazarimda buning hech qanday aybli tomoni yo‘q.
Kinochilarimiz nuqul dang‘illama uchastkalarni filmlarda ko‘rsatib, umr mazmuni faqat boylik to‘plash, unga ruju qo‘yishdan iborat ekanini tomoshabinning ongiga singdirib qo‘ymayaptimikan?! Filmlarda notabiiy ko‘rinishlar juda ko‘p. Qahramonlar ko‘chada ham, hatto uylarida ham xuddi to‘yga borgandek bashang kiyimlarda yurishi hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Telekanallar orqali namoyish etilayotgan sayoz, siyqa seriallarkimlar uchun, qaysi auditoriya uchun mo‘ljallangan? Bu savollar hamon ochiq qolmoqda. Aslida seriallar ham alohida og‘riqli mavzu. Ularni tahlil etadigan, umuman yangi filmlarni atroflicha tahlil etib beruvchi, oqni qoradan to‘g‘ri ajrata oladigan kinoshunoslarimiz nega jim?
Kinokartinalar saviyasi qancha yuqori bo‘lmasin, ba’zan ularni tomoshabinlar darrov o‘zlashtirishi, qabul qilishi qiyin. Shunday kartinalar namoyishi oldidan alohida ko‘rsatuv tashkil etib, kinoshunoslar mazkur kino asarning mohiyatini ochib berishlari kerak, deb o‘ylayman.
Agar kinodagi barcha muammolarni ko‘rib chiqsak, ular asosan kadrlar masalasi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Yaxshi rejissyorlar bor, lekin ular juda kam. Eng mahoratli kinochilar ham bugun Shuhrat Abbosovdek ijod qila olmayapti. Bugun kim istasa aktyor, kim istasa rejissyor bo‘lib, istaganicha filmlarni suratga olayotgani juda afsuslanarli holatdir. Menimcha, san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohlariga super kontrakt asosida talaba qabul qilish masalasini ham o‘ylab ko‘rish kerak. Negaki, iste’dodni hech qanday pul bilan sotib olib bo‘lmaydi. U Yaratgan tomonidan ato etiladigan ne’matdir.
PS: Darhaqiqat, kino san’atimizning bugungi holati dolzarb mavzu. Uni birgina suhbat orqali ochib berish mushkul. Biz bu mavzuga yana qaytamiz.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.