Futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi 2-musobaqasining g‘arbiy mintaqasida to‘rtinchi tur uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.
Biz uchun ahamiyatlisi, ushbu turda “Nasaf” klubi Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida “Al Husayn” jamoasiga qarshi navbatdagi o‘yinini o‘tkazadi. Bu uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da bo‘lib o‘tadi.
Uchrashuvda “Nasaf” to‘liq qizil rangli sport formasida, “Al Husayn” esa sariq va qora rangli libosda maydonga tushadi. Mazkur bellashuvni suriyalik hakamlar boshqarib boradi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionlar ligasi 2-musobaqasining “D” guruhidan o‘rin olgan “Al Husayn” – “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi birinchi o‘yin 2:1 hisobida yakunlangan edi. Umid qilamizki, mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan “Nasaf” klubi ushbu mag‘lubiyatga munosib javob bera oladi.
Ayni damda guruhda “Shabab Al-Ahli” va “Al Husayn” 6 ochko bilan guruh peshqadamiga aylangan. “Nasaf” esa 4 ochko bilan uchinchi o‘ringa joylashdi. “Kuvayt SK” uch o‘yindagi mag‘lubiyat evaziga so‘nggi pog‘onada qoldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA