O‘zbekiston tennis federatsiyasi va “O‘zmilliybank” AJ ko‘magida respublikamizning istiqbolli yosh tennischilari uchun Serbiyada o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etildi. E’tiborli jihati, mazkur mashg‘ulotlar “Elite” xalqaro tennis akademiyasida o‘tkazilmoqda. Bu esa o‘z navbatida tennischilarimizning tajribali mutaxassislar rahnamoligida ko‘nikma hamda mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

“Elite” xalqaro tennis akademiyasida amaliyot o‘tash mamlakatimiz terma jamoasining bo‘lajak a’zolari – yosh avlod tennischilarining keyingi Osiyo va Olimpiya o‘yinlari hamda boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishida muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘TF huzuridagi Tennis kengashi tomonidan o‘tkazilgan saralash natijalariga ko‘ra ayni paytda Federatsiya Bosh kotibi Iroda To‘laganova boshchiligidagi 6 nafar o‘g‘il va 4 nafar qiz boladan iborat jamoa Serbiyaga jo‘nab ketdi.

“Elite” tennis akademiyasida o‘quv-mashq jarayoni ikki bosqichda – 2024 yil noyabr-dekabr, 2025 yil yanvar-fevral oylarida o‘tkaziladi.

“O‘zmilliybank”AJ ushbu muhim loyihani qo‘llab-quvvatlaydi hamda tennischilarimizga ishonch bildiradi. Akademiyadagi o‘quv mashg‘ulotlari  sportchilarimizning mahoratini yanada oshirish, yuqori natijalarni qo‘lga kiritishida o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi.

 “O‘zmilliybank” AJ

Matbuot xizmati