Markaziy Osiyo Xalqaro institutida Haydar Aliyevning 100 yilligiga bag‘ishlangan “Haydar Aliyevning O‘zbekiston – Ozarbayjon hamkorligini rivojlantirishdagi roli” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
MOXI direktori Vladimir Norov tadbirni ochar ekan, Haydar Aliyev O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida do‘stona munosabat o‘rnatish va aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutganini ta’kidladi. Qardoshlik rishtasi poydevori Haydar Aliyev va Sharof Rashidov tomonidan qo‘yilgan edi va bugungi kunga kelib sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayni sa’y-harakatlar turli darajadagi madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tadbirlar tashkil qilinishida namoyon bo‘lmoqda.
Haydar Aliyevning yetakchilik sifati, siyosiy tajribasi Mustaqil Ozarbayjonning barqarorligi va farovonligini ta’minlashda hal qiluvchi omil bo‘lgani alohida ta’kidlandi. Ozarbayjon xalqi Umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev 1993 yil Ozarbayjon Respublikasi rahbari lavozimiga qaytgach, o‘z xalqi va mamlakatini asrab qoldi. Shu nuqtai nazardan ikki davlat birodarlik rishtasi mustaqillik yillarida ham mustahkamlanib, Haydar Aliyev, keyin esa hozirgi Prezident Ilhom Aliyev bilan do‘stona aloqa o‘rnatilganda yanada rivojlandi. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Strategik do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Ko‘p qirrali hamkorlik va sheriklik munosabatini yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi deklaratsiya kabi muhim hujjatlarni o‘zida jamlagan sermahsul shartnomaviy-huquqiy baza ushbu munosabatlar samarasi sifatida namoyon bo‘ldi.
Ikki qardosh davlatning hozirgi rahbarlari – Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev o‘rtasidagi munosabat o‘zbek-ozarbayjon aloqalarini sifat jihatidan mutlaq yangi bosqichga ko‘tardi, ikki tomonlama munosabatlarning keng ko‘lami, ko‘p qirrali tomonlarini qamrab olgan haqiqiy konstruktiv hamkorlik uchun maydon yaratdi.
Shuning uchun ham mazkur konferensiya Haydar Aliyev shaxsining Ozarbayjon va O‘zbekiston tarixidagi beqiyos roli nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Umuman, anjuman ikki davlat munosabati rivoji istiqboli va mavjud dolzarb masalalar muhokamasi uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi.
O‘zA