Turkiyadagi amaldagi Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining birinchi turida byulletenlarni yuz foiz sanab chiqish natijalariga ko‘ra 49,4 foiz to‘pladi. Bu haqda “Anadolu” agentligi Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.
Ikkinchi o‘rinni 44,96 foiz ovoz bilan yagona muxolifat nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li egalladi. Uchinchi o‘rinni 5,2 foiz bilan “ATA Alyans” nomzodi Sinan Ogan olgan.
Saylovchilarning 0,44 foizi saylov oldidan o‘z nomzodini qaytarib olgan Muxarram Injega ovoz bergan.
Prezident saylovining ikkinchi bosqichi 28 may kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Erdog‘an va Qilichdoro‘g‘li o‘zaro kurash olib borishadi. Bu ikki nomzoddan biri saylovchilarning eng ko‘p ovozini to‘plasa, g‘olib sanaladi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Ahmad Enerning aytishicha, prezidentlik saylovi birinchi turining yakuniy natijasi 19 may kuni hukumatning «Rasmiy gazetasi»da e’lon qilinadi.
Shu kundan e’tiboran xorijiy mamlakatlardagi saylov uchastkalarida ikkinchi turda ovoz berish jarayoni boshlanadi. U 24 maygacha davom etadi.
Aynan shu kuni, shuningdek, saylovning ikkinchi bosqichida ishtirok etadigan ikki nomzod televideniye va radio orqali saylovoldi tashviqotini boshlashlari mumkin bo‘ladi.
27 may «sokinlik» kuni bo‘lib, prezidentlikka nomzodlar va saylovchilar tin oladilar.
28 may kuni o‘tadigan saylovning ikkinchi bosqichi dastlabki natijalari ertasi kuni, yakuni esa 1 iyun kuni rasman e’lon qilinadi.
O‘zA