Poytaxtimizda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Vengriya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston geografik jamiyatlari vakillari ishtirokida Turkiy davlatlar geografik kengashi (TDGK) ta’sis majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda kengashni tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Mazkur kengashni tuzishdan ko‘zlangan maqsad turkiy zabon ilmiy-tadqiqot institutlari va jamoat birlashmalari o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni yanada takomillashtirishdir. Shu bilan birga, geografiya, o‘lkashunoslik va boshqa turdosh fanlar bo‘yicha nazariy yoki amaliy ish bilan shug‘ullanuvchi barcha tashkilot, muassasalarga ko‘maklashish, barcha jabhalarda birgalikdagi sa’y-harakatni muvofiqlashtirish nazarda tutilgan. Endilikda aholining geografik va ekologik bilimini mustahkamlash, ilg‘or ilmiy g‘oyalar va yutuqlarni keng targ‘ib qilish, kengashga a’zo mamlakatlarda tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq muammolarni aniqlash, tegishli masalalarni hal etish bo‘yicha birgalikda faol ish olib borish rejalashtirilyapti.

Bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan Turkiy davlatlar geografik kengashining Bosh kotibi etib uch yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Geografiya jamiyati rahbari Oybek Norinboyev saylandi.

Yangi tashkil etilgan kengash xalqaro loyihalar, jumladan, fan, ta’lim, ekologik ta’lim, iqtisodiy yondashuv, madaniyat va turizm sohalarida o‘zaro aloqani kengaytirish, turk tarixiga oid masalalar bo‘yicha mushtarak ilmiy pozitsiya ishlab chiqish, ekologiya kun tartibini ta’minlash va ko‘zlangan maqsadlarga erishish kabi loyihalarda ishtirok etadi.

–bugungi ilk yig‘ilishda Toshkent shartnomasi imzolandi va kelgusidagi ishlarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi, – deydi O‘zbekiston Geografiya jamiyati raisi o‘rinbosari Shavkat Sharipov. –  Tuzilgan kengash a’zo davlatlar o‘rtasida ilmiy tadqiqot olib borish, o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi. Shuningdek, geografiya sohasidagi innovatsiya, ilm-fan yangiliklari bilan o‘rtoqlashish yo‘lga qo‘yiladi. Iqlim o‘zgarishining tabiiy va ijtimoiy muhitga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha ilmiy ish qilinadi. Ehtimoliy xavfli vaziyatning oldini olish, turli holatga moslashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, geodeziya va kartografiya sohasidagi tadqiqotlarni o‘zaro muvofiqlashtirish, Turkiy davlatlar hududidagi moddiy va nomoddiy meros ob’ektlarini o‘rganish, qadamjolar haqidagi ma’lumotlarni kelajak avlodga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda xalqaro geografiya olimpiadalarini o‘tkazish, umumsayyoraviy, mintaqaviy va mahalliy ekologik muammolarning oldini olish, mavjud masalalarni bartaraf etish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlar ishlab chiqish singari ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Go‘zal Sattorova,

Oybek Pardayev (surat),

O‘zA