Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 81-moddasida ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi e’tirof etilib, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishi davlat tomonidan kafolatlanishi belgilandi.
Bu, o‘z navbatida, jurnalistlarga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Ular yoritilayotgan mavzuni chuqur o‘rganish, xolislik prinsipiga amal qilishi, shaxs huquqlari daxlsizligini hurmat qilishi shart.
Chunki ayrim holatlarda axborot tarqatilishida axborot manbasi chuqur o‘rganilmasdan, vaqtinchalik e’tibor qozonish maqsadida sayoz va yuzaki tayyorlangan materiallar taqdim etilib, jurnalist etikasiga rioya etmaslik holatlari uchramoqda.
Ayniqsa, jinoyatchilikni yoritishda aybsizlik prezumpsiyasiga rioya etmaslik, ortiqcha tafsilotlarga berilish orqali jinoyatchilik targ‘ib qilib qo‘yilmoqda. Shaxsga o‘zboshimchalik bilan jazo berish (samosud) holatlarini yoritishda shaxsning obro‘si va qadr-qimmatini kamsitish, voyaga yetmaganlar to‘g‘risidagi axborotni tarqatishda bola huquqlari va inson huquqlari prinsiplari buzilishiga yo‘l qo‘yish holatlari uchramoqda.
Bu kelgusida jamiyatda kutilmagan noxush ijtimoiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Aholida ishonchsizlik paydo qilishi, davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shunday sharoitda jurnalistlarning axborot tarqatishdagi mas’uliyatini kuchaytirish, uchrayotgan ayrim kamchiliklar tahlili asosida ularning huquqiy bilimini yanada oshirish juda muhim.
Materiallar tayyorlashda fuqarolar va yuridik shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish holatlarining oldini olish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Adliya vazirligi va Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan “Islohotlar davrida ommaviy axborot vositalarining roli, jurnalistlarning axborot tarqatishdagi huquq va majburiyatlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida Adliya vazirligi mas’ul xodimlari, professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari va huquqshunos ekspertlari trenerlik qildi.
Ochiq muloqot davomida Axborot kodeksi loyihasida kutilayotgan o‘zgarishlar, axborot sohasida kasb mas’uliyatining chegaralari, jurnalistlik faoliyatni tartibga soluvchi huquqiy va etikaga oid normalar haqida fikr almashildi.
Fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash yoki shaxsiy hayotiga aralashish holatlarining oldini olish, inson ongiga nomaqbul ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan maxsus axborotlar tarqatish, sezdirmagan holda tajovuzkorlik va axloqsizlikni targ‘ib qilish uchun javobgarlikni belgilash, aholining OAV orqali ishonchli va haqqoniy axborotni olish huquqini buzish holatlarining oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, yolg‘on axborot tarqatganlik uchun kim aybdor bo‘lishi, jurnalistik faoliyatda senzuraga yo‘l qo‘yilganini qanday bilish mumkinligi, jurnalistlarning huquq bo‘yicha bilimlarini oshirish borasida qanday rejalar qilingani xususidagi savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.
N.Abduraimova, O‘zA