Jahon matbuoti sahifalarida
Toshkentda 11 may kuni Lev Tolstoyning “Anna Karenina” romaniga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochiladi, deya xabar berdi “RIA” axborot agentligi L.N.Tolstoy davlat muzeyi matbuot xizmatiga tayanib. “Ekspozitsiya Kinofestivallar va xalqaro dasturlar markazining “Rus tili madaniy kod va millatlar aro muloqot tili sifatida” nomli loyihasi doirasida bo‘lib o‘tadi”, – deyiladi xabarda.
Ko‘rgazmada muallifning qoralamalari, iste’dodli rassomlarning ushbu romanga bag‘ishlab turli davrlarda chizgan asarlari namoyish etiladi.
16 mayga qadar davom etadigan namoyish Rossiya va O‘zbekiston madaniy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. So‘ngra asarlar Toshkentdagi “Ruslar uyi”ga taqdim etiladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti
koronavirus pandemiyasi tugaganini e’lon qildi
“Central Asia” (CA). JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyesus dunyoda COVID-19 sababli 2020 yildan buyon davom etib kelayotgan favqulodda holat tugaganini e’lon qildi.
“COVID-19 pandemiyasi tugaganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman”, – dedi Gebreyesus. Favqulodda holatlar qo‘mitasi o‘lim, bemorlarni kasalxonalar, jumladan tezkor terapiya bo‘limlariga yotqizish bilan bog‘liq holat kamaygani va aholida “SARS-CoV-2” virusiga nisbatan immunitet oshganini ta’kidladi.
Shuningdek, Gebreyesus pandemiya davrida 20 million kishi koronavirusdan vafot etgani, 765 million 200 ming kasallik holati qayd etilganini ham ma’lum qildi.
JSST 2020 yil 11 martda COVID-19 pandemiyasini e’lon qilgan edi. Pandemiya 3 yil 1 oy 24 kun davom etdi.