Huquqiy munosabat
Ko‘cha-ko‘yda yurar ekanmiz, ayrim piyodalarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ularning yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishi va piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotganda telefondan foydalanishiga ko‘zimiz tushadi. Bu bilan ular haydovchilarga noqulaylik tug‘dirishlari mumkin. Qonunda esa buning uchun javobgarlik bor. Xo‘sh, bular qanday javobgarlik hisoblanadi? Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov quyidagilarni ma’lum qildi.
– O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 138-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, piyodalarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ularning yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishi va piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotganda telefondan foydalanishiga, kitoblarni yoki davriy nashrlarni o‘qishi, videomateriallarni tomosha qilishi hamda audiomateriallarni eshitishi bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, piyodaning e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishi, moped va velosiped haydovchilarining, ulovli aravani boshqarib boruvchi hamda yo‘ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi ham jarimaga sabab bo‘ladi.
Moddaning ikkini qismiga asosan esa haydovchilarga har xil xizmat ko‘rsatish maqsadida yo‘lning qatnov qismida fuqarolarning turishi, yo‘llarga ajratilgan mintaqa tegrasida mol boqish bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning yo‘l harakati qoidalarini buzishi avariya holatini vujudga keltirsa bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga olib keladi.
Transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda yo‘lovchi tomonidan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) salondan chiqarganda ularga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solinishi mumkin.
Moped, velosiped haydovchining, ulovli aravani boshqarib boruvchi shaxsning alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast bo‘lgan holda yo‘l harakati qoidalarini buzishi esa bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA