FOTOREPORTAJ
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan erta tongdan Nukus shahridagi Xotira maydonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Nukus shahar hokimligi, vazirliklar, harbiylar, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi.
Tadbir avvalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev
boshchiligida Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yilib, bugungi tinch va osuda kunlar uchun jonini fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasi yodga olindi.
So‘ng Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylari xonadonlariga yo‘qlovlar uyushtirilib, ularga yana bir karra izzat-ikrom ko‘rsatildi. Davlatimiz rahbarining farmoni asosida respublika hududida umrguzaronlik qilayotgan 3 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar tantanali tarzda topshirildi.
Shuningdek, front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.
Respublikaning barcha tuman va shaharlarida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA