O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.v.b. Xolmurod Salimov boshchiligida uyushma vakillari bir qator ustoz jurnalistlarni 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni bilan tabriklab, faxriylarga sovg‘alar topshirdi.
Uyushma vakillari dastlab faxriy jurnalist, uzoq yillar O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAda samarali mehnat qilgan Tursunboy Botirbekov xonadonida bo‘ldi. Suhbat davomida mamlakatimizda matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash, yoshi ulug‘larni, ustoz jurnalistlarni qadrlash va ulug‘lash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashildi.
– Odam ko‘nglini odam oladi,– deydi T.Botirbekov. – Kelishlaringizni eshitib xursand bo‘ldim, ko‘rib yanada quvondim. Yurtboshimiz boshchiligida odamlarni rozi qilish bo‘yicha qilinayotgan islohotlardan ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi. Qaniydi, yosharib qolsam, ana shu ezgu ishlarni jurnalist sifatida keng yoritishga hissa qo‘shsam, degan o‘y-xayollar o‘tadi.
Uyushma vakillarining keyingi manzili “Moskovskaya pravda”, “Kommuna” gazetalarida muxbir bo‘lib ishlagan, dolzarb mavzulardagi maqolalari “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka”, “Vecherniy Tashkent” hamda “Tashkentskaya pravda” gazetalarida muntazam e’lon qilingan Inna Koval xonadoni bo‘ldi.
Inna Koval Toshkent davlat universiteti hamda Moskva davlat universitetida ta’lim olgan va ko‘p yillar yurtimizdagi ta’lim muassasalarida jurnalistikadan dars bergan. Suhbat davomida u davlatimiz tomonidan o‘z oilasi har jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotganidan, tumush o‘rtog‘i Aleksandr Faynberg xotirasiga alohida e’tibor ko‘rsatilayotganidan, 80 yillik yubileyi keng nishonlanganidan g‘oyat minnatdorligini bildirdi.
Uyushma vakillarining soha faxriylari xonadonlariga tashrifi davom etmoqda.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi axborot xizmati