Chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha may oyida bo‘lib o‘tadigan test sinovi sanalari e’lon qilindi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, test sinovining yozma qismi joriy yil 6-7-may kunlari, gapirish ko‘nikmasini baholash imtihonlari esa 11-31-may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Test sinovlari barcha hududlarda, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladi.

Talabgorlar imtihon joyi, kuni va aniq vaqtini my.gov.uz saytining “Mening arizalarim” bo‘limidan bilishi va ruxsatnomani yuklab olishi mumkin.

Talabgorlardan test sinovi o‘tkaziladigan hududga belgilangan vaqtdan kamida bir soat oldin shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID -karta) bilan kelishlari so‘raladi.

Test sinovi natijalari belgilangan tartibga ko‘ra, imtihonlar yakunlangandan so‘ng bir haftada e’lon qilinadi.

 

M.Toshqorayeva,

O‘zA