Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan «Prokuratura to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Mamlakatimiz xavfsizligi va tinchligini, xalqimiz osoyishtaligini saqlashda zamonaviy qurollangan milliy armiyani shakllantirish va Qurolli Kuchlar tizimi muhim o‘rin tutadi, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Botir Qudratxo‘jayev. — Ushbu hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining «Prokuratura to‘g‘risida»gi Qonuniga Harbiy prokuratura organlarining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tizimida qonunchilik hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga, shuningdek, harbiy prokuratura organlariga xodimlarni harbiy xizmatga qabul qilish, lavozimidan ozod etish hamda ularga harbiy unvonlar berishga doir qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonuniylikni ta’minlashga, shu jumladan Qurolli Kuchlar tizimida mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashga doir qonunchilik hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini, byudjet mablag‘lari va davlat mulkini talon-toroj qilish holatlarining oldi olinishiga hamda harbiy prokuratura organlarining tom ma’noda mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalardan so‘ng hujjat deputatlar tomonidan qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA