O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida AQShning «Sidley Austin» xalqaro yuridik firmasi bilan hamkorlikda seminar tashkil etildi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro yuridik firma vakillari, yurtimizdagi turli huquqshunoslik kompaniyalari xodimlari ishtirok etdi.
«Sidley Austin» xalqaro yuridik firmasi vakili Mark Paley, kompaniyaning Jenevadagi hamkori Xose Valderrama va boshqa mutaxassislar mahorat darslari o‘tkazdi.
Xalqaro tijorat arbitraji hamda investitsion arbitraj borasida ulkan tajribaga ega mazkur xalqaro yuridik firma bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘rtasida o‘tgan yili o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
– Bugungi tadbirdan maqsad xalqaro tijorat arbitraji hamda investitsion arbitrajni rivojlantirish va uni qonunchilikka tatbiq qilish, bu borada xalqaro amaliyotni o‘rganish, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi mas’ul xodimi Mavlon Muhiddinov. – Buning amaliy samarasi sifatida O‘zbekistonda xalqaro tijorat arbitraji instituti joriy qilinadi. Natijada xorijiy investorlarning yurtimizga sarmoya kiritishi yanada ortadi.
Tadbirda xalqaro arbitraj sohasidagi qonunchilikni isloh qilish va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi kabi masalalar muhokama qilindi.