O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbanov yurtimizga tashrif buyurgan Italiya mudofaa vaziri Krozetto Gvidoni qabul qildi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Tenglik, o‘zaro ishonch va hurmat asosida rivojlanib borayotgan ikki davlat aloqalari keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ijtimoiy va boshqa sohalarda kengayib borayotgan hamkorlikka uyg‘un ravishda tinchlik va barqarorlikka tahdid hisoblangan ekstremizm, diniy radikalizm, xalqaro terrorizm hamda boshqa transmilliy xavflarga qarshi kurashishda ham O‘zbekiston va Italiyaning maqsadlari mushtarak.

Rasmiy qabul marosimi avvalida nufuzli mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat madhiyalari yangradi.

Shundan so‘ng bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, uning rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida ikki davlat mudofaa idoralari o‘rtasida shtab muzokaralarini o‘tkazish an’anaga aylangani e’tirof etildi.

Suhbat yakunida O‘zbekiston va Italiyaning harbiy va harbiy-texnik sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari yuqori baholandi.

O‘zA