Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon Respublikasi uchun maxsus dasturi (SPECA)ga a’zo davlatlar vazirlari ishtirokida videokonferensaloqa tarzida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ishtirok etdi.

O‘zbekiston vaziri an’ana, urf-odat va madaniy qadriyatlar yaqinligi birlashtiradigan mintaqa mamlakatlari o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatilgani ta’kidladi. Mamlakatimizning keyingi yillardagi faol tashqi iqtisodiy siyosati savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohada sezilarli natija berdi. Xususan, O‘zbekiston va “SPECA” davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash miqdori ikki barobar oshib, 9,2 milliard dollarni tashkil etdi. Respublikamizda mintaqa mamlakatlari korxonalari bilan a tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni 2017 yildan buyon besh barobar ko‘payib, 2 212 taga yetdi.

Ishtirokchilar diqqati mintaqaning savdo-iqtisodiy salohiyati, boy tabiiy va inson resurslari hamda qulay geografik o‘rniga qaratildi. Shu nuqtai nazardan raqobatdosh ustunlikni ishga solib, mahsulot va xizmat almashish ko‘lamini kengaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, mavjud savdo to‘siqlarini bartaraf etish, texnik reglamentni soddalashtirish, bojxona va chegara tartib-qoidasini raqamlashtirish singari mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqaradigan qator ustuvor yo‘nalishlar ilgari surildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “ESKATO” barqaror qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash markazi sa’y-harakatini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish taklif etildi. Bundan tashqari transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va BMT standartidan foydalangan holda Transkaspiy yo‘lagi bo‘ylab multimodal ma’lumot va hujjat almashinuvini raqamlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilish masalasi muhokama qilindi.

Mintaqa uchun BMT Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast jamg‘armasi tuzishni jadallashtirish hamda yashil iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar “SPECA” doirasidagi ko‘p tomonlama, ochiq va amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirishni qat’iy ma’qulladilar.

O‘zA