Shu kunlarda AQSH poytaxti Vashingtonda Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki guruhining bahorgi majlisi bo‘lib o‘tyapti.

BMT Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad mazkur anjumanda chiqish qilarkan, jahon moliyaviy arxitekturasi nomukammal ekanini qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda o‘ta qashshoq aholisi nisbatan ko‘p 53 rivojlanayotgan mamlakat qarzga botgan. Bu davlatlarning 25 tasi o‘z daromadining 20 yoki yanada ko‘proq foizini faqat tashqi qarzni to‘lashga sarflamoqda.

– Ushbu muammolar jahon moliya arxitekturasi mukammal emasligini ko‘rsatadi, – dedi Amina Muhammad. – Biz tizimga tuzatish kiritishimiz va yangi Bretton-Vud tizimini shakllantirishimiz kerak.

Avvalroq BMT Bosh kotibi ehtiyojmand mamlakatlar uchun yiliga 500 milliard dollar ajratish, bu davlatlarning tashqi qarz muammosini hal qilish va qarz xarajatini kamaytirishga erishish, inqiroz paytida kutilmagan holatlar uchun mablag‘ taqdim etishni taklif qilgan edi.

Global moliya arxitekturasi islohoti o‘zaro bog‘liq besh sohadagi muammoni hal etishi kerak: global iqtisodiy boshqaruvni isloh qilish, suveren qarzdagi bo‘shliqni yopish, xalqaro davlat moliyasini qayta tashkil qilish, global moliya xavfsizligi tarmog‘ini mustahkamlash, bank va moliya tizimi qonun-qoidasini o‘zgartirish shular jumlasidan.

Ma’lumot o‘rnida eslatib o‘tamiz, ushbu tadbirlarda markaziy bank rahbarlari, moliya vazirlari, xususiy kompaniyalar, fuqarolik jamiyati va akademik doira vakillari yig‘ilib, jahon iqtisodiyotining bugungi holati, iqtisodiy o‘sish istiqboli, moliyaviy barqarorlik va qashshoqlikni qisqartirish kabi dolzarb masalalarni muhokama qilinyaptir.

G. Abdullayeva, O‘zA