Eron Islom Respublikasining “IRNA”, “irannewsagency” kabi yetakchi axborot agentliklari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlari to‘rtinchi uchrashuvi haqida maqola e’lon qildi.
Nashr forum davomida tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, ushbu mamlakat amaldagi rasmiylari tomonidan jahon hamjamiyatining inklyuziv hukumat yaratish, ayollar uchun mehnat va ta’lim olish imkoniyati hamda milliy ozchilik huquqini ta’minlash singari asosiy talablar bajarilishi muhokama etilganini yozgan.
Muallif Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va mamlakat milliy iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan birgalikdagi harakatlar mexanizmini yaratish zarurligi ta’kidlangani, xalqaro terror, giyohvand moddalar ishlab chiqarilishi va noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash chora-tadbirlarini kuchaytirish muhimligi qayd etilgani, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning asosiy omili sifatida Afg‘oniston salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish muhimligi urg‘ulanganiga e’tibor qaratgan.
Maqola so‘ngida uchrashuvi yakuni bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingani ta’kidlangan.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA