Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevroittifoq Xitoyning yuksalishidan qo‘rqmasligini ta’kidlab, Pekinni tinchlik va xavfsizlik uchun zimmasiga ko‘proq mas’uliyat olishga chaqirdi.
Avvalroq Borrel koronavirusga chalingani uchun Xitoyga tashrifini boshqa kunga qoldirishini ma’lum qilgan edi.
“Biz Xitoyning yuksalishidan qo‘rqmaymiz. Biroq, biz bilamizki, ertangi kun tarixi Xitoy o‘zining qudratidan qanday foydalanishiga bog‘liq”, – deb yozdi Borrel Yevropa tashqi siyosat xizmati saytida. Ushbu so‘zlar uning Pekinda o‘qib beradigan ma’ruzasidan keltirilgani aytilmoqda.
Borrelning ta’kidlashicha, dunyo keskin iqlim o‘zgarishiga hamda koronavirus pandemiyasi oqibatlariga birgalikda qarshi turishi lozim. YeI diplomatiyasi rahbarining fikricha, “Xitoy va YeI mustahkam iqtisodiy munosabatlarga” ega. Biroq, hozirda YeI bilan Xitoy o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga kelgan, buni bartaraf qilish kerak.
Borrelning ta’kidlashicha, Yevroittifoq ayrim xomashyolar, xususan, kobalt marganets va magniy bo‘yicha Xitoyga haddan ortiq “qaram” bo‘lib qolgan. Shu bilan birga, YeI agar hayotiy muhim manfaatlari xavf ostida qolsa ushbu “qaramlik”ni zudlik bilan bartaraf eta oladi.
“Biz hali ham “Yagona Xitoy” siyosatiga sodiqmiz. Biz unga shubha bilan qarash uchun sabab qidirmaymiz. Lekin status-kvoni kuch yordamida o‘zgartirishga bo‘lgan har qanday urinishni qabul qilib bo‘lmaydi”, – deb yozdi Borrel.
Borrel, shuningdek, ma’ruzasida inson huquqlari masalasiga ham to‘xtalgan va YeI va Xitoyda mazkur mavzu bo‘yicha “chuqur va jiddiy” kelishmovchiliklar mavjudligini ta’kidlagan.