Shimoliy Koreya markaziy axborot agentligi xabariga ko‘ra, davlat yetakchisi Kim Chen In yangi qattiq yonilg‘ida ishlaydigan “Xvason-18” majmuasi mamlakatning yadroviy qarshi hujumga tayyorligini oshirish, Shimoliy Koreyaning strategik to‘xtatuvchi kuchlarini qayta qurish, hujumkor harbiy strategiyaning amaliyligini tubdan o‘zgartirish, yarim oroldagi vaziyatni keskinlashtirayotgan tomonlarga qarshi chora sifatida qo‘llashga xizmat qilishini bildirdi.
Kecha KXDR yangi “Xvason-18” qattiq yonilg‘ili qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazgani haqida xabar tarqalgandi.
“KXDR rahbari Kim Chen In birinchi sinovni joyida, shaxsan nazorat qildi. Bu tadbir yangi strategik qurol tizimining harbiy jihatdan samaradorligini baholash, sinovdan o‘tkazish maqsadini ko‘zladi.
Ta’kidlanishicha, uchish chog‘ida atrofdagi mamlakatlar xavfsizligi inobatga olingan. Ikkinchi va uchinchi oyoq “kechiktirilgan ajratish” usuli yordamida, raketa baland burchak ostida uchayotganda ajratilgan. Birinchi bosqich standart parvoz sharoitida amalga oshirilgan. KXDR zinapoyalar qulaydigan aniq joy haqida ma’lumot berib, amaliyot qo‘shni davlatlar xavfsizligiga hech narsa tahdid solmaganini aytdi.
Kim Chen In Koreya yarim orolidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat kundan kunga yomonlashib borayotgani va shu bois kelgusi ehtimoliy harbiy tahdidga javoban, yanada ilg‘or va kuchli qurol tizimi jadal rivojlantirilishini qayd etdi.
Ma’lumot o‘rnida keltirish mumkin, Pxenyanning yangi qattiq yonilg‘i bilan ishlaydigan qit’alar aro ballistik raketalari ilk bor 8 fevral kuni Koreya Xalq Armiyasi tashkil etilganining 75 yilligi munosabati bilan uyushtirilgan maxsus namoyishda paydo bo‘ldi. Paradda yangi raketalar “571”, “573”, “574” kabi raqamli belgilar bilan himoyaviy rangga bo‘yalgan 9 o‘qli mobil ishga tushirish moslamasi – konteynerda joylashtirilgan edi.
Darvoqe, yangi raketalar o‘qi avvalgi 11 o‘qli “Xvason-17” qit’alararo ballistik raketasidan kamroq. Uzunligi ham, shunga yarasha, 22-24 metr, deya taxmin qilinyapti.
O‘zA