Senatorlar hududlarda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazmoqda.

Toshkent shahrida Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari D.Toshmuhamedova boshchiligida targ‘ibot tadbirlarini samarali tashkil qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda yangi Konstitutsiyada har bir normaning mazmun-mohiyatini aholiga xalqchil tarzda tushuntirish, ayniqsa aholini ko‘p yillardan beri qiynab kelayotgan dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratish, targ‘ibot ishlarini mahallalarda aholi orasida olib borish lozimligi qayd etildi.

Toshkent shahri aholisi uchun dolzarb sanalib kelingan “snos”lar masalasi alohida muhokama etildi. Xususan, yangi Konstitutsiyada hech kim sudning qarorisiz va qonunga nomuvofiq holda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlanayotgani ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida ishchi guruhning targ‘ibot rejasi va yo‘nalishlari belgilab olindi.

 

O‘zA