Qatar va Bahrayn 2017 yilda uzilgan diplomatik munosabatlarni tiklashga kelishib oldilar. Bu haqda Qatar Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

TIV veb-sahifasida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Bahrayn – Qatar kuzatuv qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda “BMT Nizomi va 1961 yildagi Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi tamoyillariga muvofiq ravishda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlarni tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilingan”.

Yig‘ilish Ar-Riyoddagi Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibiyati qarorgohida bo‘lib o‘tgan.

“Ikki taraf ham bu qadam ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, integratsiyani rag‘batlantirish va ko‘rfaz mamlakatlari birligi Nizomi maqsadlariga muvofiq mustahkamlash, tenglik va yaxshi qo‘shnichilik, milliy suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlik tamoyillarini hurmat qilishlarini yana bir bor tasdiqlashdi”, deyiladi bayonotda.

2017 yilning yozida Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn va Misr Doxani terrorizmni qo‘llab-quvvatlash va ularning ichki ishlariga aralashishida ayblab, Qatar bilan diplomatik munosabatlarni uzganini e’lon qilishgan edi.

 

O‘zA