Xitoy Afg‘onistonning mustaqilligi va suverenitetini hurmat qiladi, uning ichki ishlariga aralashmaydi va bu davlatga nisbatan shaxsiy manfaatlarini ko‘zlamaydi. Bu haqda XXR Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan hujjatda aytiladi, unda 11 bandda Pekinning Afg‘oniston masalasi bo‘yicha pozitsiyasi bayon etilgan.
“Xitoy Afg‘onistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini, afg‘on xalqining mustaqil tanlovini, uning diniy e’tiqodi va etnik urf-odatlarini hurmat qiladi”, deyiladi hujjatda.
XXR Afg‘oniston ochiq va inklyuziv siyosiy tuzilma yaratishiga, muvozanatli ichki va tashqi siyosat olib borishiga, boshqa davlatlar, ayniqsa, qo‘shnilar bilan do‘stona munosabatlarni saqlashiga umid bildiradi.
Pekin Afg‘onistonni qayta tiklash va rivojlantirish uchun o‘z imkoniyatlari doirasida yordam ko‘rsatishni davom ettiradi, turli ko‘mak majburiyatlarini rejalashtiradi va amalga oshiradi.
“Xitoy Afg‘onistonning “Bir makon, bir yo‘l” qo‘shma qurilishidagi ishtirokini olqishlaydi”.
Shuningdek, Xitoy afg‘on qochqinlari taqdiridan xavotirda ekani hamda ikki va ko‘p tomonlama kanallar orqali insonparvarlik yordamini ko‘rsatishda davom etishi aytiladi.
Xitoy Afg‘oniston bo‘yicha o‘z qarashlarini 13 aprel kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan qo‘shni davlatlarning to‘rtinchi vazirlar konferensiyasi arafasida e’lon qildi.
O‘zA