Poytaxtimizda tennis bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi “Billie Jean King” kubogining Osiyo-Okeaniya mintaqasi birinchi guruhidan o‘rin olgan saralash bahslari davom etayotgan bir pallada mahoratli raketka ustasi Nigina Abduraimova Shveysariyada o‘tkazilayotgan W60 turnirida O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda.
Mukofot jamg‘armasi 60 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lgan mazkur turnirning kecha o‘tgan ilk bahsida Abduraimova germaniyalik Mona Bartel bilan ro‘baro‘ keldi. 76 daqiqa davom etgan o‘yin 6/3, 6/4 hisobida Niginaning g‘alabasi bilan yakunlandi.
16 aprelga qadar davom etadigan turnirning ikkinchi bosqichida hamyurtimiz fransiyalik Alise Tubello va latviyalik Darya Semenistaya “dueli”da muvaffaqiyat qozongan tennischi bilan kortga chiqadi.
“Billie Jean King” kubogi Osiyo-Okeaniya mintaqasi o‘yinlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, kecha O‘zbekiston jamoasiga omad kulib boqmadi. Maftunabonu Qahramonova va Ominaxon Valixonova juftligi xitoylik Jiang Ksinyu/Yang Jao Xuan tandemiga 0/6, 0/6 ko‘rinishida imkoniyatni boy berdi.
Yakkalik bahslarda Sabrina Olimjonova xitoylik Jiang Ksinyuga 3/6, 1/6, Sevil Yuldosheva Jeng Vu Shuangga 0/6, 1/6 hisoblarida imkoniyatni boy berdi.
Guruhning qolgan dastlabki o‘yinlarida Hindiston Tailandni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Yaponiyalik tennischilar Janubiy Koreya terma jamoasini 3:0 hisobida dog‘da qoldirdi.
Bugun, 12 aprel kuni guruhdagi navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Unda Yaponiya – Tailand, Xitoy — Janubiy Koreya hamda Hindiston – O‘zbekiston jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlar o‘tkaziladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA