Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi o‘z yig‘ilishida Suriyaning Arab davlatlari ligasiga to‘liq a’zoligini tiklash masalasini muhokama qilmoqchi. Bu haqda “Al-Hadath” telekanali xabar berdi.

Aytilishicha, ko‘rfaz hamkorlik kengashi “Suriyani Arab ligasiga qaytish imkoniyatini muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazishga chaqirgan”.

Kengashga Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon va Saudiya Arabistoni kiradi.

Qatar Tashqi ishlar rasmiy vakili Majid al-Ansoriyning so‘zlariga ko‘ra, “Doxa allaqachon kelayotgan juma kuni Jidda shahrida o‘tadigan Kengash yig‘ilishiga taklifnomani olgan”.

Uning ta’kidlashicha, “bo‘lajak uchrashuvda Suriyadagi vaziyat muhokama qilinadi va uning Arab ligasiga qaytishi bo‘yicha fikr almashiladi”.

Suriyaning Arab ligasi a’zoligi 2011 yil noyabr oyida mamlakatda boshlangan ichki inqiroz avjiga chiqqan paytda to‘xtatilgan edi.

 

O‘zA