ChatGPT chat-boti Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida tinchlik shartnomasi loyihasini tayyorladi. U ushbu vazifani Germaniyaning Berliner Zeitung nashri so‘roviga binoan tayyorlagani aytilmoqda.

ChatGPT Chat-botga GFR federal kansleri Olaf Shols nomidan RF Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga tinchlikka chaqiruvchi maktub tayyorlash vazifasi yuklatilgan.

Putinga yozilgan maktubda jumladan, Germaniya xavfsizlik borasida Rossiyaning qonuniy manfaatlarini inobatga olishi ta’kidlangan.

Sun’iy intellektning Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha tayyorlagan tinchlik shartnomasi loyihasida quyidagi bo‘limlar mavjud: o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish, qo‘shinlarni dastlabki pozitsiyalarga qaytarish, Xalqaro tinchlikparvar kuchlari nazorati ostida mojaro kechayotgan chegaralar bo‘ylab qurolsizlangan zonani yaratish, Donetsk va Luganskka Ukraina tarkibida muxtoriyat maqomini berish, ushbu hududlarda rus tilida so‘zlashadigan aholining huquqlarini himoya qilishni qonun bilan mustahkamlash.

Bundan tashqari, tinchlik shartnomasi loyihasida mojaro ishtirokchilari o‘rtasida munosabatlarning yaxshilanishi zarurligi ko‘rsatilgan, zarar ko‘rgan hududlarni tiklash uchun mas’uliyat xalqaro hamjamiyat hamkorligida ikki tomon zimmasiga yuklatiladi.

Mazkur shartnomaning bajarilishini BMT, YeI, va YeXHT kuzatib borishi ta’kidlanadi.

ChatGPT 2022 yil noyabrda ishga tushirilgandan keyin bir haftaga qolmay milliondan ortiq foydalanuvchini to‘plab mashhurlikka erishgan edi.

Uning suhbatlarni imitatsiya qilishiga qarab, sun’iy intellekt kuchli yozuvchilarni ham ortda qoldirishi va hatto Google ning asosiy qidiruv biznesiga xavf tug‘dirishi mumkinligi haqida gapirila boshlangan edi. Mazkur Bot OpenAI kompaniyasiga tegishli bo‘lib, uning asoschilaridan biri Ilon Mask hisoblanadi.