Uchuvchisiz o‘zi uchar qurilmalar qo‘nadigan dunyoda birinchi “Anadolu” desant kemasi Turkiya harbiy dengiz kuchlarida xizmatga kirishdi, deb yozmoqda Anadolu agentligi.
Dushanba kuni yangi kemaning ishga tushirilishi marosimida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an ishtirok etgan.
“Mazkur desant kemasi dunyoning istalgan nuqtasida harbiy va gumanitar amaliyotlarda foydalanish uchun barcha imkoniyatga ega. TCG Anadolu kemasi tufayli Turkiya texnologiyalar sohasida hamda joylarda vaziyatning tez o‘zgarishi sharoitida tizimlar va yechimlar bo‘yicha dunyo yetakchisiga aylanadi”, – dedi Erdog‘an.
TCG Anadolu loyihasining amalga oshirilishi 2016 yil aprelda boshlangan. Kema 2019 yil mayda suvga tushirilgan, 2022 yil iyundan boshlab Turkiya floti flagmanining sinovlari davom etib keladi.
“Kemaning Turkiya texnologiyasi bilan ta’minlanish darajasi 70 foizga yetkazilgan”, – dedi prezident.
Uzunligi 231 metr va eni 32 metr keladigan kemaga bir batalon desantni joylashtirish mumkin va dunyoning istalgan hududiga tezkor ravishda yetib boradi, deyiladi xabarda.
Prezident Erdog‘anning ta’kidlashicha, Turkiya mudofaa sanoatini rivojlantirish oson vazifa bo‘lmagan. Uning aytishicha, so‘nggi ikki o‘n yillikda Turkiya mudofaa sanoati juda jadal rivojlandi, buni “texnologik inqilob”, deb bemalol aytsa bo‘ladi.
“Bundan yigirma yil avval, ya’ni biz endi davlat tepasiga kelganimizda Turkiyaning mudofaa loyihalari byudjeti atigi 5,5 milliard dollarni tashkil etar edi. Hozir bu ko‘rsatkich 60 milliard dollardan oshmoqda. Mudofaa mahsulotlari eksporti rekord darajaga chiqib, 4,4 milliard dollarni tashkil etmoqda. Mudofaa sektorida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ulushi 80 foizga chiqdi. Bularning barchasi zamonaviy Turkiyaning muvaffaqiyatlari hisoblanadi”, – deya ta’kidlagan u.
Prezidentning ta’kidlashicha, Turkiyada so‘nggi o‘n yillikda mudofaa loyihalari soni 62 tadan 750 tagacha oshgan, Harbiy sanoat kompleksi sohasida faoliyat olib borayotgan kompaniyalar soni 2,7 mingga yetgan.