Rossiya-Ukraina

Ukraina atrofidagi ziddiyatga aloqador Pentagon maxfiy materiallarining Internetga sizdirilishi AQSHning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik xizmatidagi strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi Jon Kirbi ma’lum qildi.

“Bloomberg” agentligining xabarida mazkur hujjatlarning tarqab ketishi bundan buyon Vashingtonning Kiyevga ko‘maklashishini murakkablashtiradi.

AQSH Davlat departamenti matbuot xizmatining xabar berishicha, Bosh kotib Entoni Blinken Yaponiyada o‘tadigan “G7” guruhiga a’zo dalatlarning tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida yadro qurolini tarqatmaslik, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi masalalari bilan bir qatorda Ukraina mojarosini muhokama qiladi.

Mazkur yig‘ilish Yaponiya Nagano viloyatining Karuidzava rayonida 16-18 aprel kunlari bo‘lib o‘tishi rejalangan.

Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy havo qo‘mondonligi vakili Yuriy Ignatning bayonotiga ko‘ra, Kiyev G‘arbning to‘rtinchi avlodi bo‘lgan qiruvchi uchoqlarni yana uzoq vaqt kutishiga to‘g‘ri keladi.

“Ular orasida Amerikaning “F-16” qiruvchilari bor edi. Shuningdek, Britaniyaning “Typhoon”, Shvetsiyaning “Gripen”, Fransiyaning “Rafale” rusumli samolyotlari haqida gap borgan edi. Bizga bular bugun juda zarur”, dedi u “Rada” telekanaliga bergan intervyusida.

Prezident Vladimir Zelenskiy aksilhujumda Kiyevga yordam bersa, Ukrainaning g‘arbiy hududlarini Polshaga berishi to‘g‘risida va’da berdi, deb bayonot berdi “NDP” portali sohibi Marek Galas.

Polsha Prezidenti Andjey Dudaning Kiyevga tashrifi chog‘ida “mislsiz taklif”ni ilgari surdi – u Zelenskiyga yordam evaziga Volin, Roven va Lvov viloyatlarini so‘ragan, deb yozdi Galas.

Maqola muallifiga ko‘ra, Zelenskiy taklifni rad ham, inkor ham  yetmagan.

Isroil Ukrainaga gumanitar yordam berishda davom etadi, Kiyevga qurol-aslaha yetkazib berish to‘g‘risida hali qaror qabul qilinmagan, deb bayonot berdi Bosh vazir Binyamin Netanyaxu.

Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis Ukrainaga qancha lozim bo‘lsa, shuncha uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor, deb bayonot berdi. Bu haqda u Zelenskiy bilan telefon muloqoti davomida aytib o‘tgan.

Hukumatning matbuot xizmati xabarida “Gretsiya Ukrainani o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligi himoyasi ishida to‘la quvvatlaydi, greklar ukrain xalqi bilan birgadir”, deyiladi.

Daniyadan “Caesar” o‘ziyurar artilleriya uskunalari Ukrainaga may oyida, “Leopard 1” tanklari esa yozda yetib keladi, deb bayonot berdi mamlakat mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Troels Lund Poulsen.

Ukraina va Rossiya harbiy asirlarni almashishni amalga oshirdi, deb xabar berdi Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak. Rus asirligidan 100 kishi qaytib keldi.

Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida 106 rus harbiy xizmatchilari qaytgani aytiladi.

Ukraina tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Emine Japarovaning bayonotiga ko‘ra, Dehliga tashrifi davomida u Zelenskiyning Hindiston Bosh vaziri Narendra Modini Kiyevga safar bilan kelishga taklif etgan maktubini topshirgan.

“CNBC-TV18”ning xabar berishicha, shuningdek, “Zelenskiy Modi bilan telefon orqali muloqot o‘tkazishni so‘ragan”.

Oliy Rada Rossiya bilan davlat chegaralaridan o‘tish va transport tariflari bo‘yicha bitimlarning amal qilishini to‘xtatdi, deb ma’lum qildi Rada deputati Yaroslav Jeleznyak.

Ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasida qonun loyihalari parlament majlisida bir ovozdan qabul qilingan, deb xabar berdi.

 

Abror XON,

O‘zA