Filippin o‘z hududidagi harbiy ob’ektlardan hech qanday hujum amaliyotlar uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi, dedi Respublika prezidenti kichik Ferdinand Markos dushanba kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Mamlakat yetakchisi Filippin AQSHga yana to‘rtta harbiy baza uchun ruxsat bergandan bir hafta o‘tib ushbu bayonotini bergani aytilmoqda. Ta’kidlash joizki, ushbu kelishuv ikki mamlakat o‘rtasida mudofaa hamkorligini kengaytirish bo‘yicha bitimga (EDCA) muvofiq amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Markos Xitoyning EDCA bazalari mintaqadagi tinchlikka tahdid soladi, deb bergan bayonotiga ham baho berdi.
“Xitoyning munosabati hayron qolarli emas, aslida, chunki ular xavotir olmoqda, biroq Filippin o‘z hududidagi harbiy bazalardan hujum amaliyotlari uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi”, – deya keltiradi uning so‘zlarini ABS – CBN mediaguruhi. – Ulardan faqat zarurat tug‘ilganda Filippinga yordam ko‘rsatilishi uchun foydalaniladi”.
“Agar bizga hujum qilishmasa, ularning xavotir olishiga hech qanday sabab bo‘lishi mumkin emas, chunki biz ulrga hujum qilish niyatimiz yo‘q, – deya ta’kidlagan prezident Markos. – Biz faqat mamlakatimiz hududini va mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlashda davom etmoqdamiz”.
AQSH bilan Filippin o‘zaro xavfsizlikni ta’minlash sohasida ko‘p yillardan buyon xamkorlik qilib keladi. Ushbu ittifoq o‘zida o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi Shartnomani va 2014 yilda imzolangan EDCA paktini ifoda etadi. Mazkur kelishuvlar AQSH qo‘shinlarining Filippindagi beshta harbiy bazada hamda bahsli suv hududlarida harakat qilish imkonini beradi. Endi ushbu paktning kengaytirilishi munosabati bilan AQSHning erkin harakat qila oladigan bazalari kamida to‘qqiztaga yetkazildi.