Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov buvisi vafot etgani sababli 10-11 aprel kunlari Tojikistonga rejalashtirgan tashrifini bekor qildi. Asia-Plus axborot agentligi Tojikiston rahbarining matbuot xizmati bergan ma’lumotga tayanib ushbu xabarni tarqatdi.
Shuningdek, shanba kunga mo‘ljallangan Tojikiston va Turkmaniston Tadbirkorlar kengashining birinchi majlisi hamda yakshanba kuni bo‘lib o‘tishi kutilayotgan ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes anjumani ham boshqa vaqtga qoldirilgani aytilmoqda.
Juma kuni Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon Turkmaniston prezidentining otasi, Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga onasi Ogulabat Berdimuhamedova vafot etgani munosabati bilan ta’ziya bildirgan edi.
Turkmanistonning TDH agentligi yozishicha, Ogulabat Berdimuhamedova 86 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.