MHTIning tahliliga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekistonga banan importi hajmi 2021 yildagiga qaraganda 1,5 baravardan ko‘proqqa oshgan. Qolaversa, ushbu mahsulotning importi hajmi mana ikkinchi yildirki jadal sur’atda o‘sishda davom etmoqda.

UN COMTRADE va TRADEMAP ma’lumotlar bazasiga asosan 2022 yilda O‘zbekistonga banan importi hajmi 140,2 ming tonnani tashkil qilgan. Bu esa avvalgi yildagiga qaraganda 1,6 barobar ko‘p demakdir. Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2021 yilda mamlakatimiz 2020 yildagiga nisbatan 2,2 barobar ko‘p banan import qilgan.

2020 yilda O‘zbekistonga banan importi hajmi 2019 yildagiga nisbatan 7 foizga kamaygan. 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi boshlanishidan oldin O‘zbekistonda banan iste’moli tez va sezilarli darajada o‘sayotgan edi, ammo o‘sish tendensiyasi koronavirus ta’siri tufayli to‘xtab qoldi.

Keyingi yillarda importning o‘sishi tiklandi. Banan iste’molining o‘sishiga hukumatning ushbu mahsulotga import bojxona to‘lovlarini nolga tushirish haqidagi qarori turtki bo‘ldi. 2021 yilning oktyabr oyidan O‘zbekistonda banan importi uchun nolga teng bojxona stavkasi tartibi amal qilmoqda va bu muddat bir necha bor uzaytirildi. Ayni chog‘da nolga teng stavka 2024 yilning 1 yanvarigacha amal qiladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, banan import qiluvchi ko‘pgina mamlakatlarda ushbu mahsulot uchun import tarif boji mavjud. Masalan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlarda banan uchun import stavkasi 4 foizni tashkil etadi, Yaponiyada mavsumiy stavka qishda 18 foiz va yozda 8 foiz, Janubiy Koreyada 30 foizdir.

O‘zA.