Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus koronavirus pandemiyasi 2023 yil tugashiga umid qilayotganini ta’kidladi. “Ishonchim komilki, bu yilning qaysidir nuqtasida biz COVID-19 xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat va pandemiya sifatida yakunlandi, deb ayta olamiz”, dedi u. Gebreyesus, shuningdek, insoniyat koronavirus pandemiyasidan saboq olishi zarurligini ham uqtirdi.

2019 yil 31 dekabr kuni Xitoy hukumati JSSTni mamlakatning markaziy qismidagi Uxan shahri (Xubey provinsiyasi)da noma’lum pnevmoniya avj olganidan ogoh qildi. Shu bilan birga dastlabki holatlar qandaydir tarzda mahalliy dengiz mahsulotlari bozori bilan bog‘liq ekani ham aytildi. 2020 yil yanvar oyiga kelib Xitoyda koronavirusning yangi turi kelib chiqishiga noma’lum virusli pnevmoniya epidemiyasi sabab bo‘lgani rasman e’lon qilindi. 11 martda JSST rahbari yangi virus tarqalishi pandemiya xususiyatiga ega ekanini bildirdi. Shu tariqa insoniyat ikki yil mobaynida koronavirusga qarshi kurash olib bordi. Nihoyat 2023 yil bu ofat uzil-kesil barham topishi aytilmoqda.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: kelajakda yangi pandemiyalar paydo bo‘lishi mumkinmi? Afsuski, xavotirga o‘rin bor, chamasi. Yaqinda AQSH razvedkasi yangi pandemiya ehtimolini qayd etdi. Ogohlantirish razvedka hamjamiyatining mamlakat duch kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlar haqidagi yillik hisobotida keltirilgan. “Dunyo bo‘ylab mamlakatlar halokatli yangi pandemiyaga olib keladigan yangi patogenlar paydo bo‘lishi yoki kiritilishi xavfi ostida qolmoqda”, deyiladi hujjatda.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishi pandemiyaga aylangandan buyon dunyo bo‘ylab millionlab odamlar qurbon berildi. Ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tsa-da, turli mamlakatlarda muayyan cheklovlar qo‘llanishi davom etyapti. 2021 yil mart oyida JSST e’lon qilgan xalqaro ekspertlar guruhi hisobotida Uxandagi laboratoriyadan virus sizib chiqishi “ehtimoli juda past” deb yozildi. Koronavirus paydo bo‘lishining yana bir sabab-versiyasi – hayvondan odamga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqish ekani aytildi. Mutaxassislar bu taxminni “mumkindan ehtimolgacha” farazlar ro‘yxatiga kiritgan.

Koronavirus bilan bog‘liq ҳозирги vaзият juda хавфли — JSST -  Namanganliklar.uz

Avvalroq “Uoll Strit” jurnaliga tayanib, AQSH Energetika vazirligi koronavirusning laboratoriyadan sizib chiqishi pandemiya boshlanishini belgiladi, degan xulosaga kelgani haqida xabar bergan edi. So‘ng FQB direktori agentlik bu ehtimoliy xulosa ko‘rib chiqilayotganini aytdi. AQSH Milliy razvedka idorasi rahbari Avril Xeyns mamlakatning tegishli idoralari bu borada ikki versiya – laboratoriya sintezi va tabiiy genezis o‘rganilayotgani, ammo mutaxassislar biologik qurol nazariyasiga ishonmasligini ta’kidladi. U Senatdagi tinglovda so‘zga chiqib, razvedka xizmati hali konsensusga erishmagani, butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar hayotiga zomin bo‘lgan pandemiyaning kelib chiqishini aniqlash davom etayotganini tan oldi.

Разведка SША узнала о вспышке koronavirusа в Uхани ещё в ноябре 2019 гоda

Shunday qilib, razvedka hamjamiyatida pandemiya biologik qurol yoki genetik muhandislik natijasi emas, degan fikr aytilmoqda. Laboratoriyadan sizib chiqish yuz berganmi… yoki infeksiya hayvondan tabiiy ravishda yuqqanmi? Bu borada hali uzil-kesil xulosaga kelinmadi.

— Ikki xil nazariya bor, — deydi Avril Xeyns.

Shu bilan birga mulozim Xitoy koronavirus masalasida to‘g‘ri hamkorlik qilmagani haqiqatni ochishga to‘sqinlik qilayotganidan afsus bildirdi.

Xullas, koronavirus insoniyat tarixidagi salmoqli sahifani band qiladigan bo‘ldi. Binobarin, ushbu “varaq”ning bir qismi to‘ldirilmay qoladiganga o‘xshaydi. Bu ham bo‘lsa, hatto, qilni qirq yoradigan Amerika razvedkasi tishiyam o‘tmayotgan jumboq – koronavirus qay tarzda paydo bo‘lgani bilan bog‘liq masala.  Agar shu savolga aniq javob topilsa, kelgusida ro‘y berishi ehtimoli mavjud pandemiyalarning oldini olish oson kechishi shubhasiz.

Afsuski, hozircha bu oxirgisi edi, insoniyat boshqa pandemiya ko‘rmaydi, deb hech kim ayta olmaydi.

S.Rahimov, O‘zA