7 aprel kuni Jahon salomatlik kuni nishonlanadi. Shu munosabat bilan Tojikistonda aholiga bepul tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha respublika bo‘ylab tadbirlar o‘tkaziladi, deb yozmoqda «Hovar» agentligi Tojikiston Respublikasi sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoyalash vazirligi matbuot xizmati bergan ma’lumotga tayanib.
Ertalab soat 08:00 dan to kechgacha Dushanbedagi “Istiqlol” sog‘liqni saqlash majmuasida o‘qituvchilar, professorlar va yuqori malakali mutaxassislar tomonidan poytaxt aholisiga bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Xuddi shunday tibbiy xizmatlar viloyatlar, shahar va tumanlarda ham ko‘rsatiladi. Tibbiyot sohasining turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali mutaxassislar aholiga bepul maslahatlar beradi, odamlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi va tashxis qo‘yadi.
Shu kuni oliy va o‘rta tibbiy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari aholining keng qatlami bilan suhbatlar o‘tkazadi.
Fuqarolar o‘zi yashab turgan hudud tibbiy muassasalariga murojaat qilib bepul maslahatlar oladi.