Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoq va saytlar vakillari, jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani hamda press-tur tashkil etildi.

Unda respublika prokuraturasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmalari rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar respublika prokuraturasi organlari tomonidan 2022 yilda ijtimoiy-iqtisodiy, voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar masalasi, shuningdek, jinoiy, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar ko‘rilishida sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash borasidagi ishlarga to‘xtaldi. Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ularga qarshi kurashish, tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini muvofiqlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurash, murojaatlarni ko‘rib chiqish  va boshqa yo‘nalishlardagi ishlar qayd etildi. Shu bilan birga, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.

Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini  qiziqtirgan savollariga javob oldi. Shuningdek, ishtirokchilar prokuraturada jismoniy va yuridik shaxslar qabulini tashkil etish uchun yaratilgan sharoitlar, respublika 2-sektori tomonidan amalga  oshirilgan ishlar hamda prokuratura tarixi muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri