Yaponiyalik sayyohlar tantanali kutib olindi

Samarqand xalqaro aeroportida charter reys bilan yurtimizga tashrif buyurgan yaponiyalik sayyohlar tantanali kutib olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi hamda Samarqand viloyati hokimligi tomonidan Yaponiya xalqaro turistik assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda joriy yilda ham Kunchiqar yurt fuqarolarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar orqali O‘zbekistonga sayohati yo‘lga qo‘yildi.

2.JPG

5.JPG
– O‘tgan yil davomida o‘nta charter reys orqali Yaponiya fuqarolarining yurtimizga sayohati uyushtirilgan bo‘lsa, bu yil qatnovlar sonini 15 taga yetkazish ko‘zda tutilgan, – deydi O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Dilshod Narziqulov. – Ushbu sayohatlarda 3000 ga yaqin yaponiyalikning yurtimizga kelishi kutilmoqda. Sayyohlar bir hafta davomida Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida bo‘lib, tarixiy-madaniy yodgorliklar, milliy an’ana va qadriyatlarimiz bilan tanishadi. Bu yil sayyohlik yo‘nalishlari va dasturlarini mehmonlarning talab va istaklari asosida, ularning qiziqishlariga qarab tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Yaponiyalik sayyohlar uchun ertaga kechki dasturda Samarqand shahridagi Registon maydonida mahalliy usta-hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar, milliy liboslar namoyishi, folklor jamoalari chiqishlari hamda 3D shou tomoshasi rejalashtirilgan.

7.JPG

9.JPG
10.JPG
– O‘zbekiston, Samarqand deyilsa, har bir yaponiyalik, avvalo, qadimiy Buyuk ipak yo‘lini xayoliga keltiradi, – deydi “All season” turistik kompaniyasi vakili Kavakami Kodzuxisa. – Shuning uchun bu mamlakatga kelishga havasmand kishilar bizda juda ko‘p. Lekin shu paytgacha viza tartiblari tufayli ko‘pchilik sayohatga chiqishga ikkilanardi. Endilikda Yaponiya fuqarolariga O‘zbekistonda bir oygacha vizasiz tartibda bo‘lish huquqi berilgani sayyohlar oqimining ko‘payishiga imkoniyat yaratadi.

 

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA