O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida Amir Temur tavalludining 682 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda faxriylar, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, harbiy qism askarlari, kursantlar, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
– Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar samarasida milliy armiyamiz qudrati yuksalib, yoshlarning haqiqiy hayot maktabiga aylanib ulgurdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyi direktori M.Nuriddinov. – Bugungi tadbirni o‘tkazishdan maqsad ham yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik, buyuk ajdodlarimizdan iftixor tuyg‘usini yuksaltirish, ularga munosib avlod bo‘lishga undashdir.
Tadbirda Mudofaa vazirligi huzurida yangi tashkil etilgan “Turon” teatr studiyasi aktyorlari Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, To‘maris, Mirzo Ulug‘bek, Bibixonim singari ajdodlarimiz siymosini aks ettirib, monologlar o‘qishdi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari vatanparvarlik mavzuida kuy-qo‘shiqlar ijro etdi.
Ishtirokchilar muzey eksponatlari bilan tanishdi. Bu yerda Amir Temur va temuriylar davridagi harbiy siyosatni aks ettirgan ko‘rgazma, videolavha barchada katta taassurot qoldirdi.