“El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida 2018-2022 yillarda 1 ming 626 nafar stipendiatlarning bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlar doirasida ilg‘or mamlakatlarning nufuzli universitetlarida tahsil olishi tashkil etildi.

118 nafar “El-yurt umidi” jamg‘armasi bitiruvchi stipendiatlari nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or bilim va ko‘nikmalarini o‘zlashtirib kelib bugungi kunda ustuvor sohalar bo‘yicha faoliyat olib bormoqda.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Jamg‘arma axborot xizmati rahbari Ma’rufjon Jumayev sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Jamg‘armaning 500 nafardan ortiq stipendiatlari AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarning global akademik reytinglarda TOP-300 talikka kirgan nufuzli universitetlarida ta’lim olmoqda.

Shuningdek, joriy yilning 1 aprel sanasidan “El-yurt umidi” jamg‘armasi 500 o‘ringa mo‘ljallangan 2023 yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovini e’lon qildi. Tanlovda bakalavriat ta’lim dasturi uchun 75 o‘rin, magistratura ta’lim dasturi uchun 275 o‘rin, doktorantura ta’lim dasturi uchun 150 o‘ringa stipendiyalar ajratilgan.

Nomzodlarning hujjatlari 2023 yil 1 apreldan – 1 mayga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilinadi. Saralash bosqichlari 2023 yil 1 maydan 1 iyunga qadar davom etadi.

Jamg‘arma ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish muddatlari bakalavriat ta’lim dasturi bo‘yicha 3 – 4 yil, magistratura 1 – 2 yil, doktorantura ta’lim dasturi bo‘yicha 1 – 4 yilni tashkil qiladi. Ochiq stipendiya tanlovini o‘tkazish 2 bosqichdan iborat bo‘lib, 1-bosqichda qabul qilingan hujjatlarning belgilangan talablarga mosligi yuzasidan saralash o‘tkaziladi.

Tanlovning 2-bosqichi ikkita qismdan iborat bo‘lib, 1-qismda o‘qish savodxonligi, tahliliy fikrlash, IQ (bakalavr uchun) va ilmiy maqola yozish ko‘nikmasi (magistratura va doktorantura uchun) yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zbek tilida test sinovlari o‘tkaziladi. 2-qismda test sinovlaridan yuqori ball to‘plagan nomzodlarning xorijda ta’lim olishdan ko‘zlangan maqsadi va olingan bilimlarni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari, nomzodlarning ma’naviy-axloqiy tafakkuri, tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha bilim darajasi suhbat orqali ekspertlar tomonidan baholanadi.

Komissiya tomonidan suhbat (tanlovning 2-bosqichi) jarayoni va savol-javoblar uchun 30 (o‘ttiz) daqiqagacha vaqt ajratiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA