So‘nggi kunlarda Toshkent shahar Xalqlar do‘stligi san’at saroyi yaqinida qurilayotgan binoning tepa qismi qiyshiq qurilayotgani aytilgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bunga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur ob’ekt zamonaviy arxitektura namunasi sifatida o‘ziga xos dizayn asosida loyihalashtirilgan bo‘lib, bu bino konstruktiv elementlarida kamchiliklar borligini anglatmaydi. Qurilish ishlari belgilangan talab va me’yorlar asosida amalga oshirilmoqda.

Xususan, tasdiqlangan loyiha hujjatlari temir-beton konstruksiyalar bo‘limining yechimlariga asosan 23-qavatdan 26-qavatgacha K-4 va K-5 quyma temir-beton ustunlar egilgan holda loyihalashtirilgan hamda bu qurilish me’yorlari va qoidalariga asosan bajarilgan.

Ishchi loyiha hujjatlari «MB STUDIO» MCHJ tomonidan ishlab chiqilganidan so‘ng ushbu hudud seysmikasiga yondashgan holda tekshirilgan va 2021 yil 16 martda bu borada ham ijobiy xulosa olingan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA