O‘zbekistonda keyingi yillarda barcha sohalar kabi o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish sohasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor berilmoqda.

Xususan, o‘simliklar karantini va himoyasi boshqaruv tizimi takomillashtirildi. Fitosanitar va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalarni yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish tizimi xususiy sektorga o‘tkazildi.

Tashqi bozorda mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish, mineral o‘g‘itlar va agrokimyoviy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish samaradorligini oshirish usullari” mavzusida tashkil etilgan seminarda shu haqda so‘z yuritildi.

Seminarda o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish samaradorligini oshirishda ekin turidan kelib chiqib, uyg‘unlashgan kurash choralari bosqichma-bosqich amaliyotga joriy qilinayotgani ta’kidlandi.

O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan birgalikda har bir ekin turi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ekinlarining asosiy zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashishning maqbul muddatini o‘z vaqtida belgilashda hamda ularga qarshi kurashish (IPM) dasturini keng joriy qilishda ommabop tavsiyalar (flayerlar) ishlab chiqilgan.

Shuningdek, klaster, fermer-dehqon xo‘jaliklari hamda aholi tomorqa ekin maydonlarida zararli organizmlarning tarqalishi bo‘yicha prognozlar tayyorlanib, yer egalariga yetkazilgan.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar bilan 2023 yilda respublikada mavjud 636 biolaboratoriyalar tomonidan 2 ming 755 gektar maydonga biologik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.

 

O‘zA