Ozarbayjonning Boku shahrida boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro turnirda o‘zbekistonlik iste’dodli bokschi Behruz Qurbonov musobaqaning eng zo‘r texnik sportchisi, deb topildi va maxsus sovrin bilan taqdirlandi.
Bevosita janglarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 11 ta mamlakatdan 100 nafardan ziyod charm qo‘lqop ustasi qatnashgan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Shahzod Xidirov va Ma’rufjon Muzaffarov murabbiyligida ishtirok etdi.
Terma jamoamiz a’zolari Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Isroil, Gruziya kabi davlatlarning vakillari bilan kechgan shiddatli janglar yakuniga ko‘ra, 2 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza medaliga ega chiqdi.
13 ta vazn toifasida tashkil etilgan xalqaro turnirda yosh bokschilarimizdan Pahlavonjon Ibrohimov va Sardorbek Saidakbarov Rossiya va Ozarbayjon bokschilarini mag‘lub etib, oltin medalli bo‘ldi. Firuzjon Sa’dullayev, Behruz Qurbonov, Ibrohim G‘iyosov, Muhammadsaid G‘ulomov final janglarida Qozog‘iston, Rossiya va ozarbayjonlik tengqo‘rlari bilan ro‘baro‘ kelgan tarzda kumush medalga ega chiqishdi. Shuningdek, hamyurtimiz Shohjahan Qahhorov bronza medalini qo‘lga kiritdi.
— Aynan ushbu bokschilar yana 3-4 yildan keyin kattalar o‘rtasidagi janglarda ishtirok etadi. Ular kelgusida Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov singari tajribali sportchilarimiz o‘rnini egallashini nazarda tutsak, turnirda qatnashgan 8 nafar yoshlarimizdan 7 nafari shohsupaga ko‘tarilganligi terma jamoa o‘z oldiga qo‘ygan vazifani uddalaganligidan dalolat. Qolaversa, o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro turnirlarda yosh bokschilarimizning ishtirokini ta’minlash orqali tajribasini oshirib borish, ularda nufuzli musobaqalar ko‘nikmasini tizimli shakllantirish asosiy vazifalarimizdan biri sanaladi, – dedi O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev.
Xalqaro turnir davomida musobaqalarni boshqarib borgan o‘zbekistonlik tajribali hakam Ma’ruf Urdushev janglarni yaxshi nazorat etib borgan referilar qatorida e’tirof etildi.
T. RO‘ZIEV, O‘zA