Turkiya Oliy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlikka nomzodlarning yakuniy ro‘yxati juma kuni hukumatning “Resmi Gazete”sida e’lon qilindi

Shunday qilib, prezidentlik poygasida to‘rt nafar nomzod ishtirok etadi. Bular – amaldagi davlat rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an, bosh muxolifatchi, Respublika xalq partiyasi raisi Kamol Qilichdoro‘g‘li, “Vatan” partiyasi rahbari Muharram Inje va “Otaturkchilar ittifoqi”dan ko‘rsatilgan nomzod Sinan Ogan.

Ro‘yxat e’lon qilingan kundan boshlab mamlakatda prezidentlikka nomzodlar uchun tashviqot davri rasman boshlanadi.

Birinchi turda g‘alaba qozonishi uchun davlat rahbari lavozimiga nomzod 50 foizdan ortiq ovoz to‘plashi kerak. Aks holda saylovning ikkinchi bosqichi o‘tkaziladi, unda birinchi turda eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan ikki nomzod ishtirok etadi.

Avvalgi prezidentlik saylovlari 2018 yil 24 iyun kuni bo‘lib o‘tgan edi. Erdog‘an 52,6 foiz to‘plab, g‘alaba qozongandi.

Turkiyada prezidentlik saylovlari bilan bir qatorda 14 may kuni parlament saylovlari ham bo‘lib o‘tadi.

 

O‘zA