BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish butun dunyoda jurnalistlarni hibsga olish tendensiyasi kuchayib borayotganidan xavotirda. Bu haqda “The Wall Street Journal” gazetasining muxbiri Evan Gershkovichning josuslik ishi bo‘yicha Rossiyada hibsga olinishi haqidagi voqeani sharhlar ekan Bosh kotibning vakili Stefan Dyujarrik shunday bayonot berdi.
“Guterrish jurnalistning faqat o‘z faoliyati bilan bog‘liq to‘siqlar, hibsga olishlar va undan ham yomonroq holatlar kuchayib borayotganidan xavotirini qayta-qayta bildirib keladi”, dedi Dyujarrik.
Federal xavfsizlik xizmatining Jamoatchilik bilan aloqalar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Gershkovich “Amerika tomonining ko‘rsatmasiga asosan Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risidagi davlat siri bilan bog‘liq ma’lumotlarni to‘plagan. Shu munosabat bilan jurnalist Yekaterinburgda qo‘lga olingan. Federal xavfsizlik xizmatining Tergov departamenti unga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi (Josuslik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Rossiya Prezidetining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov amerikalik jurnalistning jinoyat ustida qo‘lga tushirilgani haqida bayonot berdi.
Moskvaning Lefortovo sudi Gershkovichga nisbatan 29 mayga qadar hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘lladi.
Mazkur voqea yuzasidan Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati AQSH fuqarolarini Rossiyaga sayohat qilishdan tiyilishga chaqirdi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per ma’lum qildi.
Avvalroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyada yashayotgan amerikalik fuqarolarni zudlik bilan uni tark etishga va u mamlakatga ketayotganlarga esa rejalarini o‘zgartirishga chaqirgan edi.
Davlat departamentining matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Vedant Patel AQSHning Moskvadagi elchixonasi Gershkovichning hibsga olinishi haqida rasmiy ma’lumot berish uchun so‘rov yuborganini aytdi.
“Bu haqda Rossiya ikki tomonlama konsullik kelishuvimiz bo‘yicha axborot taqdim etishi kerak”, deb qo‘shimcha qildi.
Patelning so‘zlariga ko‘ra, AQSH hozirda amerikalik jurnalist bilan ko‘rishish uchun konsullik ruxsatini olish uchun tinimsiz ish olib borilmoqda.
Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova “Rossiya tomoni “The Wall Street Journal” nashri muxbiri bilan konsullik uchrashuvi ta’minlandi”, deb xabar bergan edi.
Abror XON, O‘zA